22/07/2024

Zavodning 28 yilligi keng nishonlandi

19-iyul kuni “UzAuto Motors” AJ tashkil etilganligining 28 yilligi munosabati bilan Asaka avtomobil zavodida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda korxona xodimlari, ta’minotchi korxona vakillari, yetakchi tashkilotlar bilan birga faxriy xodimlari ishtirok etishdi. 

 

Tantanada UzAuto Motors ijrochi direktori Odil Bastamkulov korxona xodimlariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. U o‘z nutqida barcha xodimlarga shu qisqa davr mobaynida erishilgan yutuqlarga qo‘shgan hissasi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, ularni keyingi loyihalarni amalga oshirishda ham xuddi shunday shijoat va mehnat, professionallik, ulkan matonat hamda tirishqoqlik ko‘rsatishga chaqirdi.

 

Tadbir davomida zavodning eng ilg‘or va faol xodimlari o‘zlarining ko‘p yillik samarali va halol mehnati, kompaniyaga bo‘lgan sadoqati uchun “Fidoiy xodim” nominatsiyasi bilan maxsus mukofotlar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, zavodning yosh iqtidorli ishchilari bilan o‘zlarining qiziqarli tajribalari haqida bo‘lishishdi. Shu bilan birga, zavod rivoji uchun ishlagan faxriy xodimlar ham e’tibordan qolib ketishmadi. Ularning mehnat faoliyati yodga olinib, alohida e’tirof etildi. Korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

“Bugun zavodimizning 28 yilligini katta hayajon va faxr bilan nishonlayapmiz. Ushbu yutuq bizning jamoamizning qat’iyatliligi, mehnatsevarligi va yagona maqsad sari intilishining natijasidir. Har birimizning hissamiz bu ulkan muvaffaqiyatga olib keldi”, – deya ta'kidladi UzAuto Motors Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi O‘ktam Mirzayev hamda barcha mehmonlarni bayram bilan tabrikladi.

 

Bayram tadbiri yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida mahalliy san’atkorlar va xonandalar ishtirokida konsert dasturlari, qo‘shiq va raqslar, sport musobaqalari va tanlovlar tashkil etildi, xususan “Oshga marhamat”, “Pazanda ayol” va "Vodiy Quiz" intelektual o‘yini shuningdek, “Arqon tortish” va “Stol tennisi” kabi sport musobaqalarining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

Qolaversa, zavod kirish hududida maxsus fotozonalar hamda bayramona dasturxon tashkil etildi.

Korxona rahbariyati xodimlarining mehnatini qadrlash va ularni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirib, kelgusi yillarda ham bu an’anani davom ettirish va yanada ko‘proq qiziqarli dasturlar tayyorlash, yangi tashabbuslarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini ta’kidlashdi.

 

Bayram tadbiri barcha ishtirokchilarning yuzlarida tabassum va ko‘ngillarida xursandchilik bilan yakunlandi. Bu kabi tadbirlar zavod jamoasining do‘stona va birdam bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi.