08/07/2024

Talabalar uchun UzAuto Motors zavodiga press tur tashkil etildi

Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni integratsiya qilish va ishlab chiqarish korxonalari bilan amaliyotda tanishtirish maqsadida joriy yilning 27-28 iyun sanalarida Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti, Inha va Amity Universiteti talabalari UzAuto Motors Asaka avtomobil zavodi va tizim korxonalariga taklif etildi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad oliy o‘quv yurti talabalari mamlakatimizning eng yirik korxonalaridan biri boʻlgan Asaka zavodidagi avtomobil ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishtirish va bu orqali ularning kelgusida kasb tanlashi, maqsadni to‘g‘ri yo‘naltirishiga erishishga qaratilgan.

 

Manzilga yetib kelgach, ishtirokchilar “UzAuto Motors” AJ mahsulotlari uchun ehtiyot qismlarni yetkazib beruvchi “Uz Koram Co” korxonasiga tashrif buyurishdi. “Uz Koram Co” MCHJ avtomobil ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni, xususan avtomobil bamperini yetkazib berishga ixtisoslashgan tizim korxona hisoblanadi. Talabalar mahalliylashtirilgan detallarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishtirildi. Detallar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish jarayonida ilm-fan va texnologiya katta ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Press turning ikkinchi kuni UzAuto Motors Asaka avtomobil zavodida davom etdi.  Zavod hududiga kirishdan oldin mehmonlarga xavfsizlik bo‘yicha instruktaj tushuntirildi va tarixi to‘g‘risida qisqacha taqdimot bilan tanishish uchun korxona muzeyiga tashrif buyurishdi. Shundan so‘ng, avtomobillarni yig‘ishning to‘liq jarayonini ko‘rsatish maqsadida presslash, yig‘ish va payvandlash sexlariga ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlar Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini ishlab chiqarish liniyalarini ko‘rish bilan birga zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari va unda xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

Ekskursiya davomida ishtirokchilar avtomobil zavodi hududida tashkil etilgan “UzAvto Akamediya”si taklif etildi. Uning faoliyati va bugunga qadar amalga oshirilgan ishlari, kelajakdagi rejalari to‘g‘risida taqdimot ma’ruzalari qilindi. Erishilgan yutuqlari yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Tashrif so‘ngida talabalarni intelektual salohiyatini tekshirish maqsadida intelektual o‘yinlar tashkil etilib, g‘oliblar va faollarga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Press tur yakunida qatnashchilar “UzAuto Motors” AJga esda qolarli ekskursiya uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Bularning barchasi yosh avlodning puxta bilimli, keng dunyoqarash egasi boʻlib voyaga yetishida xizmat qiladi degan umiddamiz.