23/07/2024

“UzAuto Motors” AJ BIQ IV sifat standartlari sertifikatini yana bir bor muvaffaqiyatli tasdiqladi: Jarayonlar, yutuqlar va kelajakdagi rejalar

“UzAuto Motors” AJ MDH mamlakatlaridagi avtomobil sanoatida yetakchi kompaniya sifatida, sifat va innovatsiyalar borasidagi yetakchiligini yana bir bor tasdiqladi. Zavod yaqinda BIQ IV (Built-In-Quality) sifat standartlari sertifikatini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘z navbatida ushbu yutuq zavodning yuqori sifat standartlariga rioya qilganligi hamda xaridorlarga eng yaxshi sifatli mahsulotlarni taqdim etishga intilishini ko‘rsatib, yangi bozorlarni zabt etishga, mavjudlarining ulushini yanada oshirishga yordam beradi.

Tashqi audit jarayonini o‘tkazgan xalqaro mutaxasislar xulosasiga ko‘ra, Asaka avtomobil zavodi GM-GMS tizimi talablarini tadbiq qilish bo‘yicha umumiy 91.1% natijaga, GMS absolyut talablarning bajarilishi va korxonaning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha 100% lik natija bilan zavod BIQ IV darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi deb topildi. Kelgusi yaqin yillarda “UzAuto Motors” korxonasi tomonidan GM tizimidagi eng yuqori sifat darajasi BIQ NEXT’ni olish maqsad qilib olindi.

Audit tekshiruv jarayoni GM-GMS tizimining 5 prinsipi asosida o‘tgan 4 yil muddatdagi takomillashtirish ishlari bo‘yicha General Motors International Organization xalqaro mutaxassislari tomonidan olib borildi. Unda korxonaning ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, xodimlarni doimiy rivojlantirib borish, standart ish jarayonlarini tashkil qilish, sifat tizimini rivojlantirish, ta’minot tizimining uzviyligini ta’minlashda olib borilgan ishlar dajarasi tekshirildi.

 

Tekshiruv jarayonida sifat tizimini rivojlantirishga oid ko‘rsatkichlardagi o‘sish, xususan kafolat davridagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan 2020-yilda 219 365 avtomobil hajmiga 8 ta nuqson to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 285 291 avtomobilga 7 ta nuqson, 2024-yilning dastlabki olti oyligi bo‘yicha 129 800 avtomobilga 2,8 ta nuqson to‘g‘ri kelganligi aniqlandi. O‘z navbatida, GM-GMS ning mahsulot sifati darajasi ko‘rsatkichida 2.5 barobar o‘sish kuzatilgan.

Bundan tashqari, standartlashtirish prinsipi bo‘yicha tekshiruv paytida, korxona ishlab chiqarish hajmi 126 221 donadan 2024-yil yarim yilligi bo‘yicha 129 800 donaga oshgani aniqlandi. Quvvat yangi ish o‘rinlarini yaratib, ularga standart ish jarayonlarini ishlab chiqarishga imkon berdi. Qolaversa, xodimlarni jalb etish prinsipi bo‘yicha “UzAuto Motors”ning Asaka avtomobil zavodida 4 yil davomida 4 500 nafardan ortiq yangi xodimlar ishga jalb etilgan. Shu bilan birga, ularning malakasini oshirib borish uchun haftalik trening o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilganligi tekshiruvchilar tomonidan yuqori baholandi.

BIQ sertifikatiga ega bo‘lish xorijiy hamkor tashkilotlar va investorlarni zavodga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, bu esa zavod mahalliylashtirish darajasini oshirishga, eksport hajmini ko‘tarishga xizmat qilib, eng asosiysi Asaka avtomobil zavodi quvvatlarida yangi loyihalarni o‘zlashtirish uchun imkon yaratadi.